21.03.2011
Simsiz aloqa tizimlarida GSM/GPRS kanallaridan foydalanish
Simsiz aloqa tizimlarida masofadagi obyektlar o‘rtasida ma'lumotlar uzatish kanalini tashkil qilishda ma'lumotlarni yig‘ish va uzatishning avtomatlashgan tizimini ishlab chiqish ko‘pgina afzalliklarga ega. Jumladan, energiya resurslarini va suv xarajatlarini hisoblash, gaz, suv va elektr energiyasi hisoblagichlarini nazorat qilish, ko‘cha yoritgichlarini masofadan boshqarish orqali transport oqimlarini tartibga solish kabi imkoniyatlarni yaratadi.
Bundan tashqari, ma'lumotlar simsiz aloqa uzatish kanallari savdo, tibbiyot va boshqa sohalarda ham keng qo‘llaniladi.
Ma'lumotlar uzatish kanalini Elektr energiyasini hisoblash va boshqarishning avtomatlashgan tizimi (EHBAT)da qo‘llanilishini ko‘rib chiqaylik. Bu tijorat tizimi hisoblanib, turli obyektlardagi (turar joylar, universitetlar, idoralar va boshqalar) elektr energiyasi sarfini hisobi va boshqaruvi haqidagi ma'lumotlarni yig‘ib, ularni qayta ishlab, sarf qilinayotgan energiyaning xarajatlari haqida hulosa chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. EHBAT tizimi o‘z tarkibiga elektr energiyasi hisoblagichlarini, serverlarni, ma'lumotlar uzatish kanallarini mutaxassisning avtomatlashgan ish joyini va boshqalarni oladi. Bunday tizimlarni yaratishda asosiy maqsad texnik va iqtisodiy savollarga javob topishdan iborat. Rasmda EHBAT tizimining bir turi ko‘rsatilgan.
Hisoblagichlardan ma'lumotlarni olish simli aloqa liniyalari orqali qanday amalga oshirilsa, simsiz aloqa liniyalarida ham shunday amalga oshirish imkoniyati mavjud. Hozirgi kungacha RS-485 interfeysi orqali simli aloqa tarmoqlaridan foydalanishning texnik yechimlari topilganligi sababli simsiz aloqa liniyalari kam qo‘llanilar edi. Lekin keyinchalik IEEE 802.15.4 simsiz aloqa standartining yaratilishi simsiz aloqa liniyalaridan foydalanish imkoniyatini yaratdi. Bu kabellar xarajatini kamayishiga olib keldi. Hisoblagichlardan olinayotgan ma'lumotlar oqimi tarmoq markazi kontsentratorida yig‘iladi. Konsentrator bu ma'lumotlarni to‘plam ko‘rinishida o‘z xotirasida saqlaydi. EHBAT tizimida ko‘plab kontsentratorlar bo‘lishi mumkin, lekin ma'lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash markazi (MYQM) da ma'lumotlarni boshqarish va monitoring o‘tkazish uchun bitta kontsentrator ham yetarli bo‘ladi. “Qanday qilib bitta MYQM da tizimdagi barcha kontsentratorlar bilan ma'lumotlarni uzatishni tashkil qilish mumkin?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Hozirgi kunda bu savolga “GSM tarmog‘i orqali” deb javob berish mumkin.
GSM texnologiyasi yordamida ma'lumotlar uzatishni uchta asosiy imkoniyati mavjud:
• SMS (Short Message Service) qisqa habarlarni uzatish xizmati
• GSM (Global System Mobile Telecommunication )- tovush ma'lumotlarini uzatish xizmati
• GPRS (General Packet Radio Service) ma'lumotlarni paket ko‘rinishida uzatish xizmati
SMS xizmati mobil telefon foydalanuvchilari uchun ancha mashhurdir. Ma'lumotlar oddiy qisqa xabar ko‘rinishida uzatiladi. Bu xizmatning asosiy afzalligi shundaki, undan foydalanish juda qulay, narxi yetarlicha arzon, xabarlar osonlik bilan yetkaziladi. Kamchiligi sifatida xabarlarni tezda o‘z manziliga yetkaza olmaslik va xabarlar tarkibidagi belgilarning kamligi (maksimum 160 ta) ni ko‘rsatish mumkin. Bu kamchiliklar natijasida obyektlardagi hisoblagichlardan doimiy ravishda ma'lumotlarni kontsentratsiya qilish imkoni yo‘qqa chiqariladi. SMS xizmatini kunda bir marta hisoblagichlardan ma'lumotlarni o‘lishda qo‘llash samaralidir. Mazkur xizmat biz qarab chiqayotgan tizimda favqulodda obyektlarda nosozliklar yuzaga kelganda tashvishli xabarlarni uzatishda ishlatiladi.
Tizimda ishlab turgan bir firmaning modulini boshqa firmaning moduli bilan almashtirishda, shu tizimgagi boshqa xost-qurilmalar bilan o‘zaro moslashuvchanlikni yaratish uchun sxemotexnik adaptatsiya moslamasi kerak bo‘ladi. GSM/GPRS moduli orqali ma'lumotlarni uzatish kanali bazaviy funktsiya bilan amalga oshiriladi. Bu modullar boshqaruvchi kontrollerlar hisoblanadi. Bu funktsiyani bajarish uchin modul arxitekturasining ochilish imkoniyati beruvchi maxsus dastur va apparat vositalari ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etiladi. Bu vositalar ilovalarni yuklash va sozlash imkonini beradi. Ilovalarni amaliy jihatdan yuklashda bir yoki bir hechta interfeyslar UART (Universal Asynchronous Receiver/Transmitter ), SPI (Serial Pheripheral Interface), USB (Universal Serial Bus) va boshqalar yordam beradi.
Agar modul TCP/IP stekida qurilgan bo‘lsa, GPRS kanalini tashkil qilish masalasi yetarlicha soddalashadi. Bunda TCP/IP stekida qurilgan modul, GPRS texnologiyasi asosida ma'lumotlarni uzatish kanalini AT-buyruqlari yordamida tashkil qila oladi. Hozirda ko‘pgina modullar TCP/IP stekida integratsiyalashib, GPRS texnologiyasining 8- yoki undan ham yuqori sinflarini tashkil qilish imkoniga ega bo‘lmoqda. GSM/GPRS terminal modullarini tashqi qurilmalar bilan bog‘lash uchun RS-232 interfeysi ishlatiladi. Tashqi qurilma sifatida xuddi komp'yuterda bo‘lganidek mikrokontrollerlar asosida qurilgan apparat vositalari ishlatiladi. Ko‘rilayotgan tizimda RS-232 interfeysi operatorning ish joyidagi bilan modemGSM/GPRS ni va shunigdek, modemGSM/GPRS bilan kontsentratorni bo‘lash uchun ishlatiladi.
Tizimlarda bunday texnologiyalarning qo‘llanilshi, tizimni nazorat qilish va doimiy monitoring o‘tkazish imkonini beradi. Bundan tashqari, bunday tizimlarni nafaqat GSM/GPRS texnologiyasi yordamida balki, Wi-Fi va WiMax texnologiyalari yordamida ham tashkil etish mumkin. Hozirda mamlatimizda faoliyat yuritayongan MaxLine kompaniyasi WiMax texnologiyasi asosida simsiz aloqa kanallarini turli tizimlarda qo‘llashni taklif etmoqda. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimiz aloqa tizimini tobora mukammallashib borayotganidan darak beradi.
Muallif: Umid Niyazov
Manba: uz.infocom.uz